Qirgʻiziston bilan sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlik kuchaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 12 Yanvar 2023 692

    Joriy yil 11-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Qirgʻiziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiyev oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar 2023-yilga moʻljallangan ikki tomonlama tadbirlarga, shu qatorda, oliy darajada oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish, shuningdek, amalga oshirilayotgan, jumladan, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishlab chiqilayotgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

    Taʼkidlanganidek, birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror oʻsish surʼati kuzatilyapti. Shunday qilib, soʻnggi 5 yil ichida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 6 barobarga oʻsib, 2016-yildagi 167,5 million dollardan 2021-yilda 953,6 million dollargacha ortdi. 2022-yilda tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

    Muloqot chogʻida qator ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligi taʼkidlandi. Xususan, imzolangan hujjatlarga muvofiq Qirgʻizistondagi Qambarota GES-1 va “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va ushbu loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, Qirgʻizistonda avtomobil va tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish, Jalolobod viloyatida yigiruv korxonasini ishga tushirish, ASKUE elektr energiyasini hisobga olish tizimini joriy etish va ishlab chiqarish, kalsiy karbidini ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokama etildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy ijrosini jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.