Tashqi ishlar vazirligi xabariga koʻra, muzokaralar chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, suv xoʻjaligi va madaniy-gumanitar sohalarda Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligining hozirgi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazirlar koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro aloqalar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibini muhokama qildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikning ijobiy surʼatini saqlab qolishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani maʼlum qilindi.
Tomonlar, shuningdek, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish va pandemiyaning Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlarga taʼsirini minimallashtirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar toʻgʻrisida fikr almashdi.
TIV rahbarlari ikki tomonlama tadbirlarni davom ettirish, shu jumladan, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Hukumatlararo komissiyasining va ikki mamlakat chegaraoldi viloyatlari hokimlari (vakolatli vakillari) Kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish muhimligini taʼkidladi.
Oliy va yuqori darajadagi muqaddam erishilgan kelishuvlarga sodiqlik tasdiqlandi. Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilindi.