O'zbekiston va Qirg'iziston yangi avtomobil zavodi qurilishini boshladi

    O'zbekiston va Qirg'iziston yangi avtоmobil zavodini qurishni boshladi. Birinchi bosqichda u yerda yiliga 10 ming dona avtomobil ishlab chiqariladi.

    Bu haqda Qirg'iziston Vazirlar Mahkamasi axborot xizmati xabar berdi.

    Qirg'iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov Chuy viloyatiga amaliy tashrifi doirasida Chuy viloyati, Ak-Suu qishlog'ida yengil avtomobillar va tijorat texnikalarni yig'ish va ishlab chiqarishga mo'ljallangan “Oltin Tulpar Unaa Kurulush” yangi zavodi qurilishi uchun kapsula qo'yish marosimida ishtirok etdi.

    Vazirlar Mahkamasi rahbari qutlov so'zi bilan so'zga chiqib, ikki qardosh respublika birligini mustahkamlashga ulkan hissa qo'shgan ikki davlat Prezidentlariga minnatdorlik bildirdi.

    “Bugun Qirg'iziston va O'zbekiston o'rtasidagi do'stlik yangi bosqichga ko'tarildi. O'zaro tashriflar amalga oshirilmoqda, bu mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga oid kelishuvlar bilan tasdiqlanadi. Bugungi kunda yengil avtomobillarni yig'ish va ishlab chiqarish zavodini qurish uchun kapsulaning qo'yilishi buning isbotidir. Bu har ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega loyiha”, — dedi Aqilbek Japarov.

    Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil yanvar oyida Qirg'iziston Respublikasiga rasmiy tashrifi chog'ida Qirg'iziston Respublikasi hududida zavodni qurish bo'yicha kelishuvga erishilgan edi.

    Dastlabki bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 10 ming dona avtomobilni tashkil etadi, mingdan ortiq doimiy ish o'rni yaratiladi, deb xabar beradi gov.kg.