O'zbekiston va Qozog'iston erkin Vohidovning “Oltin devor” asari asosida hamkorlikda fil`m suratga oladi

    Bugun “O'zbekkino” Milliy agentligida Qozog'istonning O'zbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

    Uchrashuvda Qozog'iston elchisi Darxan Satibaldi va elchixona vakillari, “O'zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, birinchi o'rinbosar Shuxrat Rizaev, rejissyor Hilol Nasimov ishtirok etdi. Uchrashuv davomida ikki davlat ijodkorlari bilan fil`m yaratish taklifi bildirildi.

    Hamkorlikda suratga olinishi kutilayotgan “Qo'shnilar” fil`mi komediya janrida bo'lib, unda o'zbek va qozoq qo'shnilarning o'zaro munosabatlari va hovli o'rtasidagi devorning buzilganidan so'ng, topib olingan tilla atrofidagi voqealar aks ettiriladi. Fil`m O'zbekiston xalq shoiri erkin Vohidovning “Oltin devor” asari asosida suratga olinishi rejalashtirilgan. Ushbu kinoloyiha stsenariysi ustida Qozog'iston tomondan aktyor, bloger va stsenarist Azamjan Saidbaev ish boshlaydi. Fil`mni ishlab chiqarish jarayonida ikki davlat ijodkorlari teng hissada ishtirok etadi. Hamkorlikdagi yangi fil`m “Ipak yo'li durdonasi” Xalqaro Toshkent kinofestivalida taqdim etilishi ko'zda tutilgan.

    Uchrashuvdan oldin qozog'istonlik mehmonlarga “O'zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan Hilol Nasimov tomonidan suratga olingan “Meros” fil`mi namoyish etildi. So'ngra o'zbek va qozoq xalqlarining qadimiy do'stligi, an'ana va e'tiqodlari haqida hikoya qiluvchi “Meros” fil`mining Qozog'istonda taqdimotini o'tkazishga kelishildi. Shuningdek, uchrashuv davomida Qozog'istonda o'zbek kinosi kunlarini o'tkazish, “Ipak yo'li durdonasi” Xalqaro Toshkent festivali bo'yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ikki davlat kinoijodkorlarining tajriba almashinishi va muloqot yo'lga yo'lga qo'yilishi soha rivojiga xizmat qilishi ta'kidlandi.

    “O'zbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati