Oʻzbekiston va Qozogʻiston chegarasida yashirin tunnel orqali yoqilgʻi kontrabandasiga chek qoʻyildi

    Oʻzbekiston va Qozogʻiston chegarasida 450 metr uzunlikdagi yer osti tunneli aniqlandi.

    Bu haqda Qozogʻiston Moliyaviy monitoring agentligi (MMA)ga tayanib, Tengrinews xabar bermoqda.

    Maʼlum qilinishicha, ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari mazkur yer osti transheyasi orqali Qozogʻistondan Oʻzbekistonga yoqilgʻi olib oʻtilayotganini aniqlashdi.

    Tunnel Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari koʻmagida oʻtkazilgan operatsiya natijasida fosh etilgan.

    Tergov maʼlumotlariga koʻra, mazkur jinoiy faoliyat ikki oydan buyon amalga oshirib kelingan. Kontrabanda uchun barqaror logistika tizimi, xorijdan moliyalashtirish va yetkazib berish kanali tashkil etilgan.

    Oʻzbekiston hududida ham parallel ravishda chora-tadbirlar koʻrilgan va jinoiy guruhning barcha ishtirokchilari, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari ham aniqlangan. Qozogʻistonda besh nafar fuqaro gumonlanuvchi sifatida javobgarlikka tortilgan. Hozirda tergov ishlari yakunlanib, jinoyat ishi sudga topshirildi.