Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va ahil qoʻshnichilik munosabatlari uzoq yillarga borib taqalib, xalqlarimiz har sohada bir-birlariga yelkadosh, hamfikr va hamkor boʻlib kelgan.
Bugungi kunga kelib esa bu ikki davlat oʻrtasida mintaqaviy tinchlik va sheriklik aloqalari Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit, iqtisodiy va harbiy rivojlanishning keyingi bosqichi sifatida qaralayotgani ayni haqiqatdir.
Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Respublikalari Mudofaa vazirliklarining harbiy xizmatchilari ishtirokida qoʻshma harbiy mashgʻulotlar yuqori tayyorgarlik va saviyada oʻtkazildi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mintaqada yuz berishi mumkin boʻlgan tahdidlarga qarshi davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, boʻlinmalar oʻrtasidagi harakatlarni muvofiqlashtirish, Oʻzbekiston va Qozogʻiston harbiylari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashishga qaratilgan.
Shuningdek, ikki davlatning anʼana va qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan sport musobaqalari, timbilding oʻyinlari hamda milliy taomlar tayyorlash musobaqalari oʻzaro hamjihatlik va birdamlik munosabatlarini yanada mustahkamladi.
“Hamkorlik – 2024” oʻquvlari mashgʻulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi general mayor Shuhrat Xolmuhamedov hamda Qozogʻiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi general leytenant Sultan Kamoletdinovlar bevosita kuzatib borishdi.
Oʻquv mashgʻulotlari davomida ikki davlat harbiy xizmatchilari jangovar vaziyatda boʻlinmalarni hamkorlikda boshqarish, davlat chegarasini daxlsizligini taʼminlash va shartli dushmanni yoʻq qilish kabi turli jangovar harakatlarni olib borishdi. Bu esa yana bir bor har ikki mamlakat harbiy xizmatchilarining uyushqoqligi va hamkorligini amalda isbotladi.
Qizgʻin mashgʻulotlar soʻngida oʻzining kuch-gʻayrati va mahoratini namoyon etgan ikki davlat harbiy xizmatchilari tantanali ravishda taqdirlandi.