Mazkur Shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-dekabrda Qozogʻiston Respublikasiga qilgan davlat tashrifi chogʻida imzolanganligi qayd etilib, Shartnomani ratifikatsiya qilish orqali uning kuchga kirishi mahkumlarni topshirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirib, ikki davlat vakolatli organlarining ushbu sohadagi oʻzaro hamkorligini yanada yaxshilash mumkinligi taʼkidlandi.
Ushbu Shartnoma bilan Oʻzbekiston va Qozogʻiston fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni oʻz mamlakatida oʻtash imkoni beriladi.
Hujjatga koʻra, mahkumlar qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq kelishayotgan tomonlar murojaatlari asosida topshiriladi.
Muhokama davomida mahkumlar jazoni oʻz yurtida oʻtashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam koʻrishish imkonini berishi oilaviy munosabatlarga ijobiy taʼsir koʻrsatib, mahkumlarning ijtimoiy hayotga moslashishiga yordam berishi qayd etildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar mazkur Qonunni maʼqulladi.