Oʻzbekiston va Qozogʻiston hamkorlikni jadal kengaytirishga intilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 5 Dekabr 2021 1138

    Joriy yil 4-dekabrda Nur-Culton shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri A.Mamin bilan uchrashdi.

    Muzokaralar chogʻida siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalarda koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qozogʻiston Respublikasiga tashrifiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.

    Mushtarak vazifalarni hal qilish va oʻzaro kelishuvlarni amalga oshirishda ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.

    Boʻlajak oliy darajadagi tashrif arafasida oʻtkazilgan qoʻshma tadbirlar, jumladan, III Hududlararo hamkorlik forumi hamda Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 19-yigʻilishining natijadorligi taʼkidlandi. Mazkur tadbirlar Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligining keng koʻlamli kun tartibini muhokama qilish va qator masalalar boʻyicha aniq kelishuvlarga erishish imkonini berdi.

    Tomonlar hozirgi vaqtda ishlab chiqilayotgan va ikki tomonlama investitsiyaviy, sanoat savdo hamkorligi shaklini belgilovchi bir qator yangi hujjatlarni qisqa muddatlarda tasdiqlanishini qoʻllab-quvvatlashga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Hukumatlararo va idoralararo darajada birgalikda oʻrganishni talab qiladigan qishloq xoʻjaligi, infratuzilmaviy rivojlanish, transport va logistika sohasidagi qator masalalar muhokama qilindi. Ular boʻyicha ikki mamlakat manfaatlariga javob beradigan oʻzaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi.

    Muloqot chogʻida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qoʻshma sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va oʻzaro yetkazib berish hajmini oshirish boʻyicha yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr va takliflar almashildi.

    Muzokaralar yakunida qoʻshma tashabbuslar va hamkorlik dasturlarini ilgari surish yuzasidan hamkorlik qilishning navbatdagi qadamlari belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.