Bugungi kunda Qozogʻiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida imzolangan 7 ta savdo shartnomasi va 24 ta qoʻshma investitsiyaviy bitim amalga oshirilyapti. Samimiy ruhda kechgan suhbat ushbu kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni oʻzaro muvofiqlashtirish imkonini berdi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi oʻsishining ijobiy dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Soʻngi 6 yilda bu koʻrsatkich qariyb 2,5 barobar oshib, 4,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shu nuqtayi nazardan, oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish va koʻlamini kengaytirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Xususan, oziq-ovqat, toʻqimachilik, avtomobil, elektr jihozlari, qora metallar, neft-gaz mahsulotlarini yetkazib berish hisobiga savdo koʻrsatkichlarini yaqin yillarda 10 milliard dollargacha oshirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Joriy yil bahorda tashkil etilgan va oʻtgan oylarda 1,3 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq boʻlgan qoʻshma tashqi savdo kompaniyasi bunga hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi.
Muloqotda, shuningdek, sarmoyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasi koʻlamini kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi hamda energetika, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, transport va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy etish va oʻzaro manfaatli munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini belgilash yuzasidan kelgusida hamkorlik qilish formati boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.