Joriy yil 26-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalari oʻrtasida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda, shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalarining masʼul rahbarlari ishtirok etdi.
Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibidagi dolzarb masalalari hamda uni kengaytirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama etildi. Tomonlar koʻp qirrali ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladilar, shuningdek ulardan toʻliq foydalanishga qaratilgan barcha choralarni koʻrishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining (XSKM) tashqi va ichki infratuzilmasini tashkil etish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini, shuningdek, XSKM faoliyatini tartibga soluvchi tegishli Hukumatlararo bitimni qisqa muddatda ishlab chiqishga kelishildi.
Shu bilan birga, tomonlar avtomobilsozlik, fosfor va kompleks mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish, elektrotexnika sanoatida ikki davlat hududlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.
Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi sohasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi. Tomonlar dori-darmonlarni roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtirishga va forvard shartnomalari asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldilar.
Temir yoʻl va avtomobil yoʻllarining diversifikatsiyasi va ikki mamlakat oʻrtasidagi parvozlar sonining koʻpayishini nazarda tutib, transport va logistika sohasida ham hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari tahlil etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi 20-yigʻilishini hamda uning doirasida Toshkent shahrida 4-Qoʻshma hududlararo forumini tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro munosabatlarning barcha muhokama qilingan yoʻnalishlari boʻyicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.