Qoʻmita matbuot xizmati xabariga koʻra, ayni damda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida mazkur loyihaning dastlabki taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joizki, koronavirus pandemiyasi yuzaga keltirgan murakkab davrda tovarlarni bojxona chegaralari orqali olib oʻtishni soddalashtirish va tezlashtirish, yuklarni tashish uchun munosib transport infratuzilmasi va kommunikatsiyalaridan maksimal darajada foydalanish, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni zudlik bilan hal etish muhim zaruratga aylandi.
Mazkur «Ye-TIR» loyihasi esa qonuniylikni taʼminlash, davlat byudjetiga bojxona toʻlovlarini toʻgʻri va toʻliq undirish, bojxona qonun buzilishlariga chek qoʻyish kabi vazifalardan chekinmagan holda bojxona rasmiylashtiruvini yengillashtirish orqali tashqi savdoni jadallashtirish imkonini beradi.

Ayni shu jihati bilan «Ye-TIR» loyihasi bojxonachilarning ham, tashuvchilarning ham va albatta, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining manfaatlariga birdek himoya qiladi.
Elektron TIR loyihasi - xalqaro «Ye-TIR» tizimi 1975-yil Jenevada imzolangan “Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi Bojxona konvensiyasi qoidalariga muvofiq milliy bojxona tizimlari oʻrtasida tovar va transport vositalari, konteynerlarning xalqaro tranziti uchun xavfsiz maʼlumotlar almashinuvini taʼminlashga xizmat qiladi.
Xoʻsh, mazkur tizimning yana qanday foydali jihatlari mavjud?
Birinchidan, elektron TIR xavfsizlikni taʼminlash va xatarlarni boshqarish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarini taqdim etadi va shu bilan birga firibgarlik holatlarini keskin kamaytiradi.
Ikkinchidan, xalqaro hamkorlikning bu shakli barcha manfaatdor tomonlarga maʼmuriyatchilik sezilarli darajada kamaytirishga va tovarlarni yetkazishning global boshqaruvi tizimi afzalliklaridan maksimal darajada foydalanish imkoniyatini beradi.
Uchinchidan, yuklar toʻgʻrisida oldindan maʼlumot berish va real vaqt rejimida maʼlumot almashish bojxona protseduralarini va davlat chegaralarini kesib oʻtishni tezlashtirishga yordam beradi.
Bir soʻz bilan aytganda, «Ye-TIR» tizimining joriy etilishi tashqi savdoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, mamlakatning eksport va tranzit salohiyatini oshirish, shuningdek, ishonchli va xavfsiz yoʻl transporti koridorlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.