Azaliy qardosh oʻzbek va qozoq xalqlarining oʻtmishi hamda buguni, orzu-niyatlari hamda intilishlari mushtarak ekani, nafaqat mamlakatlarimiz oʻrtasidagi balki, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalarni hal etishda saʼy-harakatlarni birlashtirishda muhim rol oʻynayotgani alohida taʼkidlandi.
Prezidentlarimizning oʻzaro ishonch va mustahkam siyosiy irodasi tufayli strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan munosabatlar yuksak darajaga koʻtarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligiga eʼtibor qaratilib, soʻnggi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshgani, birgina joriy yil yanvar-avgust oylarida savdo aylanmasi 2,8 milliard dollarga yetgani aytib oʻtildi.
Shuningdek, muloqot davomida Oʻzbekiston va Qozogʻiston yetakchi korxonalari oʻrtasida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani, savdo hajmini 10 milliard dollarga oshirish uchun barcha asoslar mavjud ekanligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish va uni amaliy mazmun bilan boyitish muzokaralarning asosini tashkil etdi.
Xususan, parlamentlararo hamkorlik Kengashi ishini faollashtirish ikki tomonlama kelishuvlarning amalda bajarilishini taʼminlashiga ishonch bildirildi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik Markaziy Osiyo taraqqiyotining drayveri ekani, parlamentlararo tuzilmalar doirasida ish olib borilishi mintaqamizdagi qoʻshnilarning ham hamjihatligiga xizmat qilishi aytib oʻtildi.
Suhbat chogʻida Parlamentlararo hamkorlik Kengashi, shuningdek, Qozogʻiston parlamenti Majilisi bilan hamkorlik boʻyicha parlament guruhi doirasidagi aloqalarni faollashtirish, qonun ijodkorligi yoʻnalishida oʻzaro tajriba almashish, yosh parlament aʼzolari oʻrtasida samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida davlatlarimiz oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga koʻmaklashish, ularni hal etish uchun qonunchilikda zarur mexanizm yaratishga kelishib olindi.
Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov Oliy Majlis Senatining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.