Oʻzbekiston va Qozogʻiston parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo assambleyasi Kengashi majlisida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahrida amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.

    Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi munosabatlar ikki davlat yetakchilarining ochiq, oʻzaro ishonchga asoslangan muloqoti va qatʼiy siyosiy irodasi tufayli doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasida rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Muloqot chogʻida parlamentlararo aloqalarni amaliy mazmun bilan yanada boyitish masalalari tomonlar eʼtibor markazida boʻldi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston Senatlari oʻrtasidagi parlamentlararo Komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish va hamkorlikka oid yangi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Doʻst mamlakatlar va qardosh xalqlar oʻrtasidagi hamkorlik bundan buyon ham oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda konstruktiv tarzda rivojlanishiga umid bildirildi.