Oʻzbekiston va Qozogʻiston parlamentlari oʻrtasidagi konstruktiv muloqot faol davom ettiriladi

    Xalqaro hamkorlik 17 Noyabr 2023 954

    Joriy yil 16-noyabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Bishkek shahrida MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining navbatdagi yalpi majlisi doirasida Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar davlatlarimiz rahbarlarining ochiq, oʻzaro ishonchga asoslangan muloqoti va mustahkam siyosiy irodasi tufayli doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasida barcha sohalarda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Maʼlumki, davlatlararo munosabatlarda parlamentlararo aloqalar sezilarli darajada kengayib boryapti. Shu nuqtai nazardan mavjud munosabatlarni amaliy harakatlar bilan yanada boyitish masalalari muhokama etildi.

    Bunda Oʻzbekiston va Qozogʻiston Senatlari oʻrtasidagi parlamentlararo komissiya faoliyati samaradorligini oshirish, xususan Komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish va uning doirasida ikki davlat parlamentlari oʻrtasida yangi “Yoʻl xaritasi”ni imzolash taklifi ilgari surildi.

    Maulen Ashimbayev Oʻzbekistonning BRMga erishishdagi yetakchiligini alohida taʼkidlab, mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi faoliyatini yuqori baholadi. Qozogʻiston parlamentida ham xuddi shunday komissiya faoliyat boshlagani, mazkur yoʻnalishda Oʻzbekistonning tajribasi muhimligini qayd etdi.

    Xalqaro parlament tuzilmalari, shuningdek, boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar doirasida qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash amaliyotini faol davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunida doʻst mamlakatlar va qardosh xalqlar oʻrtasidagi hamkorlik bundan buyon ham oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda konstruktiv tarzda rivojlanib borishi, bunda parlamentlararo muloqotni yanada faol davom ettirilishiga ishonch bildirildi.