Oʻzbekiston va Qozogʻiston parlamentlari yuqori palatalari raislari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 3 Iyun 2021 3221

    2021-yil 3-may kuni Senatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur uchrashuvda Oʻzbekiston va Qozogʻiston mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat berayotgani taʼkidlandi. Soʻnggi 4 yil ichida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar yuqori darajaga koʻtarildi.

    Ikki mamlakat manfaatlariga javob beradigan ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi aloqalar surʼati oʻsib bormoqda.

    Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi parlamentlararo muloqot faollashdi. Tomonlar parlament faoliyati tajribasini oʻrganish uchun doimiy ravishda delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini uyushtirmoqda, shu jumladan turli xalqaro konferensiyalar va parlament tashkilotlari ishida ishtirok etish orqali uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

    Transport kommunikatsiyalari va tranzit tashuvlari, mehnat migratsiyasi, suvdan foydalanish, madaniyat, taʼlim, gender tenglik sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar Samarqandda Qozogʻiston Konsulxonasi, Chimkent shahrida esa Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi ochilishini olqishladilar.

    Shuningdek, hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, shu jumladan ixtisoslashgan qoʻmitalar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro parlament tuzilmalari (PI, YEXHT PA, MDH PA), shuningdek boshqa qator xalqaro tashkilotlar doirasida umumiy tashabbuslarni ilgari surish, deputatlar oʻrtasida hududlararo hamkorlik oʻrnatish, huquqiy bazani tezlikda shakllantirish, pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

    Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qozogʻiston Parlamenti bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyasi hamda yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasi muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgani taʼkidlandi.

    Hozirgi vaqtda qonun ijodkorligini takomillashtirish borasida, iqtisodiy, sayyohlik, madaniy va gumanitar sohalarda hududlararo hamkorlikni rivojlantirishda parlament rolini oshirish boʻyicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

    Yuqorida sanab oʻtilgan tadbirlarni va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun 2021-2022-yillarda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Qozogʻiston parlamenti huzuridagi Parlamentarizm instituti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzoladilar.

    Uchrashuvlar yakuni boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati