O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimida ishtirok etdilar

    Hukumat 8 Avgust 2024 237

    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Ostona shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini tantanali ravishda ochdilar.

    Davlatimiz rahbari Qasim-Jomart Toqayevning Alisher Navoiyga haykal o‘rnatish tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Qozog‘iston poytaxti markazida muhtasham yodgorlik bunyod etilgani qozoq xalqining qardosh O‘zbekistonga bo‘lgan chuqur hurmatining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.

    - Buyuk faylasuf va insoparvar shoir Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat o‘zbek xalqiga, balki butun dunyoga tegishli noyob boylikdir. Navoiy asarlari XVI asrdayoq italyan va nemis tillariga tarjima qilingan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha tillarida yangramoqda. Asrlar davomida hayotning o‘ziga xos ensiklopediyasi bo‘lgan uning ijodi millionlab insonlarni hayratga solib, ruhlantirib kelmoqda, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

    Hazrat Alisher Navoiyning ulkan xizmati shundaki, u o‘zbek adabiyotining va o‘zbek adabiy tilining asoschisidir.

    Haykali Toshkentning markaziy maydonlaridan birini bezab turgan qozoq xalqining buyuk farzandi, qozoq adabiyotining mumtoz namoyandasi Abay Qo‘nonboyev Sharqning boshqa buyuk shoirlari qatori Alisher Navoiyni ham o‘zining ustozi deb bilgan.

    Navoiy va Abay ijodi abadiyat, do‘stlik, muhabbat va sadoqat she’riyatidir. Ularning falsafiy qarashlari millatning ma’naviy yuksalishida bebaho manba hisoblanadi.

    2020-yilda marhum qozoq shoiri Nesipbek Aytuli Alisher Navoiyning eng muhim asari - "Xamsa"ni qozoq tiliga tarjima qilib, nashr etdi va ushbu kitobga so‘zboshi shaxsan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan yozildi.

    - Ishonchim komilki, Alisher Navoiy haykali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarining yana bir yorqin ramziga aylanadi, uning merosi esa yana ko‘plab avlodlarni buyuk yutuqlarga ilhomlantiradi, - dedi so‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti.