Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

    Hukumat 3 Iyun 2021 4003

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

    Davlat rahbarlari kuni kecha Nur-Sulton shahrida oʻtgan ikki mamlakat Bosh vazirlari uchrashuvining samarali natijalarini yuksak baholadilar.

    Savdo va logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida, zamonaviy transport kommunikatsiyalari va turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, Prezidentlar parlamentlararo almashinuv kengayib borayotgani hamda ayni kunlarda Toshkent shahrida Senat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning birinchi yigʻilishi oʻtkazilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    Yetakchilar Markaziy Osiyoda doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

    Bundan tashqari, boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi.