Bu haqda Suv xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati boshligʻi Shuhrat Suyunov Yuz.uzga maʼlum qildi.
Mintaqamizdagi eng uzun daryo boʻlgan Sirdaryo Oʻzbekiston orqali qoʻshni Qozogʻiston hududiga oqadi. Daryodan suv oluvchi “Doʻstlik” kanali Oʻzbekiston hududidan oʻtib, Qozogʻistonning Turkiston viloyati Yettisoy va Maxtaaral tumanlaridagi ekin maydonlarini sugʻorishga xizmat qiladi.
Chorvoq suv omboridan chiqarilgan suv “Zax”, “Xonum” va “Katta Keles” kanallari orqali Qozogʻistonning Turkiston viloyati Sariogʻoch, Qazigʻurt tumanlari hamda Toshkent viloyatining Keles, Toshkent, Zangiota, Qibray va Chinoz tumanlari hududidagi ekin maydonlariga yetkazib beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida mintaqadagi transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalari Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasi, Orolni qutqarish xalqaro Jamgʻarmasi hamda ikki va koʻp tomonlama yigʻilishlarda konstruktiv tarzda hal qilib kelinmoqda.
2024-yil 12-aprel kuni Chimkent shahrida Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasining yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida 2024-yil vegetatsiya mavsumini muvaffaqiyatli oʻtkazish masalalarida muhim kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, 2024-yilda Oʻzbekiston, Qozogʻiston Qirgʻiziston oʻrtasida “Toʻxtagul” suv omboridan hamda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikiston oʻrtasida “Bahri-tochik” suv omboridan qoʻshimcha suv chiqarish toʻgʻrisida uch tomonlama kelishuv ham imzolangan.
Oʻzbekiston tomoni barcha kelishuvlarni oʻz muddatlarida va toʻliq bajarilishini taʼminlab kelayapti.
Joriy yil 23-iyul kuni Qozogʻiston Respublikasi suv resurslari va irrigatsiya vazirligi sugʻorish mavsumi boshlanganidan buyon Oʻzbekiston Sirdaryodan 4 mlrd. m3 ga yaqin suv oʻtkazganligi toʻgʻrisida bayonot berdi.
Bayonotda Oʻzbekiston bilan Sirdaryo daryosi orqali Qozogʻistonga yarim yilda 3,7 mlrd m3 suv oʻtkazishga kelishilgani, amalda koʻproq suv oʻtkazilgani eʼtirof etilgan. Shu bilan birga, yil oxirigacha yana 1 mlrd m3 ga yaqin suv oʻtkazilishi kutilayotgani aytilgan.
Ayni paytda Qozogʻiston bilan suv xoʻjaligi yoʻnalishida hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Hukumatlararo Bitim loyihasi koʻrib chiqilyapti.
Shu bilan birga, transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha mintaqaviy Strategiya loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasida kelishib olingan.
Sirdaryo havzasida suv hisobini yuritish va monitoring qilish, davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan gidropostlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish masalalarida hamkorlik koʻrib chiqilmoqda.
Davlatlararo kanallarni tozalash, gidrotexnik inshootlarni ekspluatatsiya qilish maqsadida Toshkent va Sirdaryo viloyatlari suv xoʻjaligi xodimlari hamda texnikalarning Qozogʻiston hududiga oʻtib ishlash masalalari hal qilinayapti.
Muxtasar aytganda, Sirdaryo daryosi, “Doʻstlik” va boshqa kanallar orqali yetkazib berilayotgan suv, oʻzaro kelishuvlarning bajarilayotgani Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlab, ikkala davlat farovonligiga munosib hissa qoʻshmoqda.