Uchrashuvda Oʻzbekiston energetika kompaniyalarining ishlab chiqarish va moliyaviy jarayonlarini raqamlashtirish hamkorlikning yangi va muhim yoʻnalishlaridan biri, shuningdek energetika sohasidagi hamkorlik ham muhim ekanligi taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Oʻzbekiston gidroenergetika sohasida RF Tashqi iqtisodiy banki moliyaviy qoʻmagida 5 ta loyiha amalga oshirilyapti. Yangi mini GES (Dargʻom kanalida va Quyichotqol GES tarkibida)lar, amaldagi Farhod va Toʻpalang GESlarning modernizatsiyasi shular jumlasidan. Gidroenergetika sohasidagi yana bir qator loyihalar boʻyicha hamkorlik qilish masalasi muhokamada.
Ikki mamlakatning neft va gaz sohasidagi hamkorligi uzoq yillik tarix va muhim istiqbollarga ega. “LUKOYL” kompaniyasi tomonidan ikki MTB (mahsulot taqsimotiga doir bitim) doirasida “Qandim” va “Hisor” konlarida 2004-2020-yillarda 84,4 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Mazkur loyihalar boʻyicha oʻzlashtirilgan investitsiyalar miqdori 7,4 milliard dollardan oshdi.
“Gazprom” kompaniyasi bilan “Shohpaxta” va “Jel” konlarida qazish ishlari olib borilyapti. Joriy yilning 1-noyabr holatiga koʻra, “Shohpaxta” konidan 4,53 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bundan tashqari, “Mustaqillikning 25 yilligi” koni boʻyicha MTBni amalga oshirish doirasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilyapti.
“LUKOYL” OAJ bilan hamkorlikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish boʻyicha QK tashkil qilish jarayoni davom etyapti. Hozirgi vaqtda potensial sarmoyaviy bloklar koʻrib chiqilyapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.