Uchrashuv davomida ikki mamlakat hududlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Rossiya tomoni Sankt-Peterburgning ishbilarmon doiralari, korxonalari va tashkilotlarining ikki tomonlama hududlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga qiziqishini taʼkidladi. Bunda asosan qurilish, transport va logistika, tibbiy va farmatsevtika mahsulotlari, mebel ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida Oʻzbekiston mahsulotlariga moʻljallangan ulgurji tarqatish markazlarini tashkil etish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish tashabbuslari alohida oʻrin tutishi qayd etildi.
Tomonlar xalqaro mehnat migratsiyasini muvofiqlashtirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Sankt-Peterburg va Samarqand oʻrtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik tajribasini mamlakatning boshqa hududlariga yoyishni nazarda tutgan holda, mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini koʻrib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida muhokama qilinayotgan qoʻshma loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida faol hududlararo hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.