Oʻzbekiston va Rossiya mehnat vazirlari ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma rejalarni belgilab oldi

    Xalqaro hamkorlik 27 Oktabr 2021 480

    Moskvada Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Anton Kotyakov bilan uchrashdi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiyada mehnat faoliyatini tashkil etish tizimini takomillashtirish va jalb etish sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

    Bundan tashqari, qurilish va qishloq xoʻjaligi sohalariga mehnat migrantlarini jalb etishning soddalashtirilgan tartibi, mehnat jarayonlarini raqamlashtirish va qonunchilikdagi innovatsiyalar boʻyicha tajriba loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov rossiyalik hamkasbiga Oʻzbekiston Mehnat vazirligi va ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari oʻrtasida kasb-hunar taʼlimi tizimini qoʻllab-quvvatlash va nazorat qilishni nazarda tutuvchi hamkorlik toʻgʻrisidagi uch tomonlama Bitim imzolangani haqida maʼlumot berdi.

    – 2017-yilda imzolangan tashkiliy ishga qabul qilish boʻyicha hukumatlararo kelishuv pandemiya davrida mehnat bozoridagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda yangilanish va tuzatishlarni talab qiladi. Ishga qabul qilish tartib-taomillarini ham xodim, ham ish beruvchi uchun imkon qadar sodda va qulay qilib, har ikki tomon uchun zarur kafolatlarni taʼminlash zarur, – dedi N.Xusanov.

    N.Xusanovning soʻzlariga koʻra, ayni paytda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kadrlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etishda yetakchi rol oʻynayapti. Mamlakatning har bir hududida ishsiz aholiga xizmat koʻrsatish, kasb-hunar va til oʻqitish, tadbirkorlikka oʻrgatish, mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha maslahatlar berishning oʻziga xos tizimi ham yaratilgan.

    Muzokaralar natijasida tomonlar 2017-yilgi tashkiliy ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi shartnomaga oʻzgartirishlar kiritish, mehnat munosabatlarini raqamlashtirish va mehnat muhofazasini taʼminlash, korxonalarda shikastlanishlar darajasini pasaytirish sohasida mehnat organlari xodimlarini qoʻshma oʻquv dasturlari va amaliyot oʻtash jarayonini rejalashtirish, shuningdek, mehnat qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishdi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi matbuot xizmati.