Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida II-Hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 18 Noyabr 2021 825

    Joriy yil 17-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi arafasida Moskva shahrida bevosita va onlayn shaklda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi II-Hududlararo hamkorlik forumi oʻtkazildi.

    Tadbirda 800 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, ikki mamlakat hukumatlari aʼzolari, viloyatlar, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, biznes uyushmalari rahbarlari, yirik kompaniyalar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

    Forumning maqsadi Oʻzbekiston va Rossiya hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalari hamda amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash uchun yagona makon yaratishdan iboratdir.

    Tadbir dasturi oʻz ichiga olgan yalpi majlisda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevlar ishtirokchilarga videomurojaatlar yoʻlladilar. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikovlar soʻzga chiqib, ikki mamlakat hududlari oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda qoʻshma hududlararo loyihalar va tashabbuslarni ishlab chiqish boʻyicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdilar.

    Shu yilda 50 dan ortiq oʻzaro tashriflar amalga oshirilgani qayd etildi. Jumladan, soʻnggi oylarda Oʻzbekiston Respublikasi barcha 14 ta hududlarining rahbarlari Rossiya Federatsiyasining 42 ta subyektiga tashrif buyurdilar. Hamkorlikning bunday shakli oʻzini keng koʻlamdagi yoʻnalishlarda sheriklik salohiyatini oʻrganish hamda aniq hududlararo loyihalar va hamkorlik dasturlarini ishlab chiqishning samarali usuli ekanligini isbotladi.

    Tadbir doirasida alohida mavzularda sessiyalar tashkil etilib, ularda ikki mamlakat hududlari oʻrtasida iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy rivojlanish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish, oʻzaro savdo hajmini oshirish, transport aloqalarini kengaytirish hamda turizmni rivojlantirishga oid muhim mavzular koʻtarildi.

    Ikki mamlakat hududlarining rahbarlari yaqin va uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha navbatdagi rejalarini batafsil ochib berdilar. Shuningdek, ular istiqbolli sohalarda oʻzaro manfaatli loyihalarni joriy etishga oid konstruktiv tashabbuslar va aniq takliflarni ilgari surdilar. Ikki mamlakat bozorlarini xaridorgir raqobatbardosh mahsulotlar bilan toʻldirish, shuningdek, tovarlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga olib chiqish maqsadida qoʻshma yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyektlarni yaratish borasida birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish, keng koʻlamli tarmoq va yoʻnalishlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

    Shuningdek, tadbir davomida Rossiya va Oʻzbekiston hududiy maʼmuriyatlari rahbarlari oʻrtasida bir qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi hamda aniq loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Forum doirasida oʻtkazilgan uchrashuv va muzokaralar yakunida umumiy qiymati 9 milliard dollarga teng 600 ta ikki tomonlama bitim, jumladan, 7,4 milliard dollarlik 141 ta investitsiyaviy loyiha va 1,6 milliard dollarlik 455 ta eksport shartnomasi imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tashkil etilgan qoʻshma Loyiha ofisi investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishini toʻliq kuzatib boradi va qoʻllab-quvvatlaydi. Shuningdek, ikki mamlakat hududlari maʼmuriyatlari istiqbolli tarmoqlarda 75 ta yangi investitsiya loyihasi ustida ish boshlashi maʼlum qilindi.

    Tadbir davomida metallurgiya, energetika, kimyo, elektrotexnika, charm-poyabzal, toʻqimachilik va farmatsevtika sanoati, suv xoʻjaligi, neft-gaz tarmogʻi hamda bank-moliya sohasi kabi hamkorlik yoʻnalishlarida bir qator kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.