Uchrashuv kun tartibi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida HKning 2020-yil 12-oktyabrda boʻlib oʻtgan 21-yigʻilishi yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi tahlil qilindi.
Sheriklikning alohida yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha ikki tomonlama ishchi guruhlarining hisobotlari, boshqa dolzarb masalalar koʻrib chiqildi va oʻzaro manfaatli yechimlar ishlab chiqildi.
Shu oʻrinda, tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligining muhim masalalarini muhokama qilish uchun HK hamraislari darajasida har oyda turli shakllarda oʻtkazilayotgan ikki tomonlama muzokaralar ahamiyatini taʼkidladilar. Iqtisodiy sheriklikni yuksaltirishga oid konstruktiv takliflarni ishlab chiqish boʻyicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari saʼy-harakatlarini faollashtirishga kelishildi.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni nazarda tutgan holda investitsiyaviy hamkorlik kengaytirilishi mumkin boʻlgan ustuvor yoʻnalishlar borasida yagona fikrga kelindi.
Ikki mamlakat hukumatlarining oʻzaro savdo hajmining barqaror oʻsishini saqlab qolishga sodiqligi alohida taʼkidlandi. Shu munosabat bilan, tomonlar ikki davlat hududlari orqali toʻsiqsiz yuk tashishni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, savdo aylanmasini koʻpaytirish va diversifikatsiya qilish imkonini beradigan tarif va notarif tartibga solish usullarini birlashtirishning istiqbolli mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish, qolaversa, yangi investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarining kengaytirilgan tarkibdagi muntazam muzokaralarini oʻtkazish amaliyotini tizimli ravishda davom ettirishga kelishdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi sado vazirligi matbuot xizmati.