Uchrashuv davomida ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning joriy holati va uni yana-da kengaytirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyasi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazilganligini qayd etib, oʻzaro munosabatlarning bunday shakli ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashning samarali vositasi ekanligini taʼkidladilar.
Investitsiyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, tomonlar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Rossiya investitsiyalari oqimining yuksalayotgan dinamikasini yuqori baholab, sanoat kooperatsiyasining qoʻshma loyihalarini koʻpaytirish muhimligini taʼkidladilar. Uchrashuv ishtirokchilarining fikricha, Rossiya ishlab chiqaruvchilarining texnologik imkoniyatlari va Oʻzbekistonning xom ashyo bazasi va iqtisodiy resurslarini hisobga olgan holda mazkur yoʻnalish yana-da rivojlanish uchun salmoqli salohiyatga ega.
Oʻzaro savdo rivojlanishida ijobiy tendensiya qayd etildi. Xususan, 2020-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston – Rossiya tovar aylanmasining oʻsishi 2019-yilga nisbatan 13 foizni tashkil etdi va joriy yilning yanvar – may oylari mobaynida bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga oshdi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning Rossiyaga yetkazib berilayotgan eksport hajmi 24 foizga oʻsdi.
Shu nuqtayi nazardan, tomonlar 2020-yil oktyabr oyida Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiya yigʻilishida erishilgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi kelishuvlarning bajarilishini muhokama qildilar. Komissiyaning navbatdagi yigʻilishining kun tartibini muhokama qilish hamda yangi investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari ishini faollashtirish va 9 ta kichik komissiyalar yigʻilishlarini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro iqtisodiy hamkorlik doirasida mushtarak vazifalarni hal etishni jadallashtirish maqsadida navbatdagi amaliy saʼy-harakatlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.