Muloqot chogʻida ikki davlat Rahbarlarining saʼy-harakatlari bilan ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar izchil mustahkamlanayotgani taʼkidlandi. Shu oʻrinda ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish masalalariga katta ahamiyat berilayotgani taʼkidlandi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda Rossiya investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash kabi sohalarga jalb etish istiqbollari qayd etildi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash maqsadida hamkorlikni yana-da kengaytirishga qiziqish bildirdi. Xususan, ikki davlat hududlari orqali toʻsiqsiz yuk tashishni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, savdo hajmini koʻpaytirish va diversifikatsiya qilish maqsadida bojxona tartibga solishni soddalashtirishning istiqbolli mexanizmlarini joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.
Rossiya tomoni joriy yilning 14-16-mart kunlari hukumat delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifiga yuqori baho berdi. Taʼkidlanganidek, tashrif iqtisodiy kun tartibidagi koʻplab dolzarb masalalar boʻyicha yondashuvlarni birxillashtirish, oliy darajada ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning joriy holatini muhokama qilish hamda barcha ustuvor sohalarda hamkorlikni yana-da mustahkamlash boʻyicha aniq tadbirlarni belgilash imkonini berdi.
Tomonlar, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanishi bilan har ikki mamlakat mutaxassislari uchun oʻquv kurslari tashkil etish hamda oʻrta va oliy taʼlim sohasida tajriba almashishni nazarda tutgan holda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar borligini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston tomoni V.Tyurdenevga Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangani munosabati bilan muborakbod etdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.