Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi turizmni rivojlantirish yangi bosqichlarda davom etadi

    Turizm sohasida hamkorlik boʻyicha Rossiya -Oʻzbekiston quyi qoʻmitasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirni Turizm qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov va Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Dmitriy Vaxrukov olib bordi.

    Uchrashuvda turizm mamlakatimizning milliy iqtisodiyotning strategik tarmogʻi sifatida belgilangani taʼkidlandi.

    30 dan ortiq tuman va shaharlar yuqori salohiyatli turizm yoʻnalishlari sifatida belgilanib, ularning alohida bosh rejalari ishlab chiqilayotgani eʼtirof etildi.

    Dmitriy Vaxrukov Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida 2024-yil birinchi choragida 2023-yilning shu davriga nisbatan oʻzaro sayyohlik oqimi 20 foizdan ortiq oʻsganini taʼkidladi.

    Ostrovok.ru onlayn-servisi boshqaruvchi direktori Darya Kochetkova Oʻzbekiston ayni damda foydalanuvchilar band qilgan Top-10 ta davlat qatoridan joy olganini taʼkidladi. «Oxirgi ikki yil ichida Oʻzbekiston 30-oʻrindan 6-oʻringa koʻtarildi, bu juda katta oʻzgarish va ​​biz Oʻzbekistonga foydalanuvchilarimiz tomonidan katta qiziqish borligini koʻryapmiz.

    Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, xususan, avval qabul qilingan qaror va hujjatlar ijrosi, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida sayyohlik oqimini koʻpaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha hukumatlararo harakatlar rejasi hamda sayyohlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha hamkorlik dasturi, hamda ikki davlat oʻrtasida 2025-2026-yillarga moʻljallangan qoʻshma turizm loyihalarini ishlab chiqish, turizmni boshqarish sohasida tajriba almashish, sayyohlarni jalb etish boʻyicha marketing kampaniyalarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

    Rossiya shaharlaridan Toshkent orqali boshqa davlatlarni bogʻlovchi reyslarni tashkil etish va 2024-25-yillarda Rossiyada Oʻzbekiston Turizm yilini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha turizm sohasidagi hamkorlik boʻyicha Rossiya -Oʻzbekiston quyi qoʻmitasi yigʻilishi bayonnomasi imzolandi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.