Oʻzbekiston va Rossiya oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantiradi

    Joriy yil 27-mayda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Prezident V. Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi dasturi doirasida Oʻzbekiston va Rossiya kompaniyalari, hudud va tarmoqlari rahbarlari bilan uchrashuvda ishtirok etdi.

    Tadbir norasmiy muloqot uchun oʻziga xos platforma boʻlib, unda ikki mamlakat kompaniyalari, hududlar maʼmuriyatlari va tegishli vazirliklar rahbarlari oʻzaro manfaatli hamkorlik rejalari va strategiyalarini muhokama etishlari mumkin.

    Tadbirda ikki davlat delegatsiyalariga Oʻzbekiston tomonidan – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Rossiya tomonidan – Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov boshchilik qildi.

    Biznes-nonushta tarzida oʻtkazilgan ushbu uchrashuv ochiq va ishonchli ruhda oʻtdi. Uning davomida ishbilarmon doiralar vakillari va hududlar rahbarlari erkin va samimiy suhbatda amaliy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishda faol ishtirok etdi.

    Mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining turli tarmoqlarida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining oʻsish dinamikasini saqlab qolish, investitsiya loyihalarini ilgari surish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, tadbir davomida savol-javoblar sessiyasi boʻlib oʻtdi, unda tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarni, shu jumladan oʻzaro manfaatli munosabatlarni oʻrnatish va qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari, davlat organlarining yordami boʻyicha batafsil javoblar berildi.

    Jamshid Xodjayev Oʻzbekistonda investitsiya tashabbuslarini amalga oshirishda hukumatning ishbilarmon doiralar vakillariga har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligiga eʼtibor qaratdi.

    Oʻz navbatida, Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov ikki davlat rahbarlarining oʻzaro ishonchi tufayli Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning ijobiy dinamikasini taʼkidladi. Shuningdek, hukumatlar, hududlar va biznes doiralari darajasida ikki tomonlama aloqalar va qoʻshma loyihalarni rivojlantirishga oʻzaro qiziqish bildirilyapti. Uning fikriga koʻra, barcha darajadagi bunday yaqin hamkorlik formati hokimiyat organlariga har ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining talablariga zudlik bilan javob berishga va birgalikda kerakli yechimlarni topishga imkon beradi.

    “Rossiya va Oʻzbekiston prezidentlari tomonidan qoʻyilgan masala – 2030-yilga kelib oʻzaro savdo hajmini ikki baravar oshirish boʻyicha umumiy katta vazifamiz bor. Biz buni amalga oshirishga kirishdik”, — dedi Maksim Reshetnikov. — Buning uchun biz savdo munosabatlarni ikki baravar oshirish boʻyicha Rossiya-Oʻzbekiston ishchi guruhini tuzdik, unga tegishli idoralar vazirlarining oʻrinbosarlari kirdi. Guruhlar yordamida savdo va investitsiyalar uchun sharoitlarni yaxshilaymiz, biznes-loyihalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash infratuzilmasini faollashtiramiz.

    Biznes-nonushta davomida tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berdi hamda Hukumatlararo komissiya, Rossiya-Oʻzbekiston va Oʻzbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashi aʼzolari tomonidan koʻrib chiqiladigan loyihalarini taqdim etdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.