Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi oʻrtasidagi parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Shuningdek, ikki davlat oʻrtasida turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Komissiya aʼzolari fan, taʼlim va turizm yoʻnalishlaridagi aloqalarni mustahkamlash, mamlakatlarimizning mazkur sohalardagi imkoniyatlaridan kengroq foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Rossiya Federatsiyasi oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar soni 46 ming nafarni tashkil etadi, Oʻzbekistonda Rossiyaning 14 ta oliy oʻquv yurti filiallari ochilgan (yana 7 tasi ochilishi rejalashtirilyapti). Komissiya yigʻilishi ishtirokchilari Rossiyada oʻzbekistonlik talabalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz fuqarolari uchun Rossiya oliy oʻquv yurtlarida byudjetdan ajratilgan kvotalar sonini koʻpaytirish masalalarini koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekistonda, ayniqsa, YUNESKOning turli roʻyxatlariga kiritilgan diqqatga sazovor joylarning koʻpligini hisobga olib, Samarqandning madaniy poytaxt sifatidagi ahamiyati, Buxoro va Xivaning ham rossiyalik sayyohlar uchun jozibadorligi taʼkidlangan holda, Komissiya aʼzolari tomonidan turistik almashinuvlarni kengaytirishga katta qiziqish bildirildi. Din va madaniyatlar oʻxshashligini inobatga olib, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish taklif etildi. Shu nuqtayi nazardan, Maxachkala-Derbent-Samarqand-Buxoro yoʻnalishi boʻyicha “Oltin halqa” turistik yoʻnalishini ishlab chiqish gʻoyasi ilgari surildi.

Ishbilarmonlik va madaniy aloqalar rivojiga, sayyohlar oqimining koʻpayishiga katta hissa qoʻshayotgan Maxachkala va Toshkent hamda Buxoro oʻrtasida havo yoʻlagi boʻyicha parvozlar sonini oshirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Tomonlar Oʻzbekistonda Dogʻistonning mashhur xalq shoiri Rasul Hamzatov tavalludining 100-yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni joriy yilning kuzida nishonlash masalalarini muhokama qildilar.

Ayni paytda Dogʻistonda 8 ming nafar Oʻzbekiston fuqarosi iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilyapti. Dogʻiston maktablarida 200 dan ortiq Oʻzbekiston fuqarolarining farzandlari taʼlim olayotir. Bularning huquqlarini ishonchli taʼminlash, qulay yashash sharoitlari yaratish, mehnat va bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham Komissiya yigʻilishi qatnashchilarining diqqat markazida boʻldi.

Oʻzbekistonda dogʻistonlik adiblar asarlari, shuningdek, Dogʻistonda oʻzbek zamini allomalari va ulugʻ mutafakkirlari kitoblarini tarjima qilish va nashr etishda ijobiy tendensiya kuzatilayotgani taʼkidlandi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekistonda Dogʻiston, Dogʻistonda Oʻzbekiston madaniyati kunlarini oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi.

Komissiya aʼzolari tomonidan Dogʻiston va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik ruhini mustahkamlashga, shuningdek, taʼlim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan uyushmalar, maʼnaviy-maʼrifiy tashkilotlar va jamoatchilik oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan sayyohlik koʻrgazmalari, forumlar, festivallar va boshqa tadbirlarda oʻzaro ishtirok etish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari yuqori palatalarining konfessiyalar va millatlararo hamkorlikni mustahkamlashdagi roli masalasi ham ishtirokchilar diqqat markazida boʻldi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini Oʻzbekistonning tarixiy shaharlaridan birida oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari tashrif doirasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik poyiga gulchambarlar qoʻyib, jang maydonlarida halok boʻlgan dogʻistonlik askarlarning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar

, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

.