Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi davlatimiz rahbari va Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, farovonlik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.
Ilgariroq boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muloqotlar chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik surʼatini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani taʼkidlandi.
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirishni jadallashtirish, hududlar oʻrtasida va tashkil etilgan qoʻshma sanoat parklari doirasida kooperatsiya aloqalarini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Gumanitar sohada, eng avvalo, madaniyat, sanʼat, fan va taʼlim yoʻnalishlarida samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.












