Muzokaralar kun tartibiga keng koʻlamli sanoat, investitsiya, savdo-iqtisodiy masalalari kiritildi. Tomonlar turli darajadagi ikki tomonlama munosabatlarning faolligini, shuningdek, qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlarni qayd etdilar. Xususan, Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Innoprom” koʻrgazmasi yakunida umumiy qiymati 3,2 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish yuzasidan bitimlar va savdo shartnomalari imzolanganligi alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyasining boʻlib oʻtgan yigʻilishi yuqori baholandi. Erishilgan kelishuvlar va imzolangan idoralararo hujjatlar ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali iqtisodiy sheriklikning rivojlanishiga kuchli turtki berishi taʼkidlandi.
Rossiya Federatsiyasiga kutilayotgan oliy darajadagi tashrifning iqtisodiy kun tartibini tayyorlash bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar investitsiya bitimlari va savdo shartnomalariga erishish uchun tegishli vazirlik va idoralarning sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikdagi ishlarini jadallashtirishga kelishib oldilar. Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tashkil etilgan Loyiha ofisi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratadilar. Ofis tomonidan hozirgi kunda farmatsevtika, ishlov berish, mashinasozlik, metallurgiya va kimyo sanoatida yirik loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Oʻzaro savdoni rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bu borada tomonlar Oʻzbekistonda texnik tartibga solish va standartlashtirish tizimini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Ushbu sohada hamkorlik qilish uchun rossiyalik ekspertlarni jalb etish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida oʻzaro kelishuvlarni amalga oshirish va qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.