Oʻzbekiston va Rossiya turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichda davom ettiradi

    Turizm 1 Noyabr 2024 385

    Joriy yil 31-oktyabrda Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi oʻrinbosari Dmitriy Chernishenko bilan uchrashdi.

    Rossiya tomoniga Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalari, yangi sayyohlik maskanlari va ularning imkoniyatlari, rivojlanishning istiqbolli yoʻnalishlari haqida atroflicha maʼlumot yetkazildi.

    Joriy yil may oyida Rossiya Prezidenti V.V.Putinning Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida “Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida 2025-2026-yillarga moʻljallangan sayyohlik oqimini oshirish boʻyicha hamkorlik dasturi” imzolangani ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdagi muhim amaliy qadamlardan biri boʻlgani taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlarining muzokaralarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligini qayd etib, oʻzaro sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish ustida birgalikda ishlashga kelishildi. Shuningdek, bu yoʻnalishdagi hukumatlararo dasturni amalga oshirishni jadallashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Dmitriy Chernishenko, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda turizm sohasidagi katta oʻzgarishlarni yuqori baholab, Rossiyada bu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirishga ishtiyoq va qiziqish yuqoriligini aytib oʻtdi. Rossiya hukumati raisi oʻrinbosari mamlakatimizga turizm oqimini koʻpaytirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashini alohida taʼkidladi. Ikki davlat ishbilarmon doiralari va sarmoyadorlarini turizm sohasida jozibador investitsiya loyihalariga jalb etishni jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.

    Uchrashuv yakunida “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti va “Rossiya davlat turizm va servis universiteti” oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Ushbu hujjat turizm biznesida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar olib borish sohasida hamkorlikni mustahkamlashni koʻzda tutadi. Shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar, davra suhbatlari oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya oʻrtasida talabalar turizmini rivojlantirishga koʻmaklashish masalalarini qamrab olgan, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.