Oʻzbekiston va Rossiya turizm sohasidagi hamkorlikning yangi qirralari ochilyapti

    Turizm 19 Sentabr 2024 453

    Moskva shahridagi VDNX koʻrgazmalar majmuasidagi Oʻzbekiston milliy pavilyonida mamlakatimizning sayyohlik salohiyatining taqdimotlari boʻlib oʻtdi.

    “Rossiya Federatsiyasida Oʻzbekiston turizmi yili” doirasida boʻlib oʻtgan tadbir Turizm qoʻmitasi hamda Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi koʻmagida Moskva va Moskva oblasti sayyohlik biznesining 60 dan ortiq vakillari uchun tashkil etildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, yangi sayyohlik yoʻnalishlari haqida maʼlumot berdi.

    Rossiya tomonidan Davlat Dumasining Turizm va turistik infratuzilmani rivojlantirish qoʻmitasi raisi Sangaji Tarabayev, Iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Dmitriy Volvach, Moskva meri apparati rahbarining birinchi oʻrinbosari, Moskva Turizm qoʻmitasi rahbari Yevgeniy Kozlov, Rossiya Turoperatorlari Assotsiatsiyasi ijrochi direktori Maya Lomidze soʻzga chiqdilar.

    Tadbirlar davomida “Russian Traveler” jurnalining Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan maxsus soni taqdim etildi.

    Shuningdek, oʻzbek xalqining boy madaniyati, anʼanalari, goʻzal manzaralari, oshxonasi va mehmondoʻstligi haqida soʻz boradi.

    Ikkita mamlakatning turizm sektori vakillari uchun tajriba almashish va yangi biznes aloqalarini oʻrnatish maqsadida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi.

    Mehmonlarga mamlakatimizning boy madaniy va tarixiy merosini ochib beruvchi “Oʻzbekiston” pavilyoniga ekskursiya uyushtirilib, tadbir ishtirokchilari oʻzbek taomlaridan tatib koʻrdilar va Oʻzbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.