Saudiya Arabistoni bilan energetika sohasidagi hamkorlik yanada keng tus oladi

    Energetika 19 Aprel 2022 1001

    Joriy yil 18-aprelda Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi hamda asosiy vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasi Saudiya Arabistoni bilan ustuvor yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha muzokaralar olib borish uchun Ar-Riyod shahriga uchib ketdi.

    Tashrif doirasida dastlab Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Saudiya Arabistoni Podshohligi energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon al-Saud bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv chogʻida energetika sohasidagi Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlarining hozirgi holati, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va ushbu sohada qoʻshma investitsiya portfelini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Saudiya Arabistoni hozirgi kunda Oʻzbekiston energetika sohasidagi eng yirik xorijiy investorlardan biri hisoblanadi. Bu koʻrsatkichga koʻp jihatdan mamlakatda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasining muvaffaqiyatli faoliyati tufayli erishildi. Kompaniya loyihalarining umumiy qiymati 2,5 milliard dollardan oshadi. Ayni paytda Sirdaryo viloyatida 1,5 GVt quvvatga ega bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish loyihasi va Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt teng boʻlgan ikkita shamol stansiyasini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda. Joriy yilning fevral oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega yana bir shamol elektr stansiyasini qurish ishlari boshlab yuborildi.

    Muloqot chogʻida mamlakatning umumiy energiya balansidagi muqobil energiya manbalari ulushini 2025-yilga kelib 25 foizga yetkazish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning muhim istiqbollari qayd etildi. Tomonlar Saudiya Arabistoni investorlarining ushbu sohada orttirgan muvaffaqiyatli tajribasini hisobga olgan holda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Xususan, kimyo sanoati uchun xom ashyo ishlab chiqarish maqsadida tabiiy gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish va uni qayta ishlash loyihalariga eʼtibor qaratildi. Yaqin kelajakda hamkorlikning amaliy jihatlarini rivojlantirish maqsadida Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlarining Oʻzbekistonga tashrifi tashkil qilinadi.

    Uchrashuv yakunida oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.