Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabat va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish hamda turli sohalarda, xususan, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo almashinuvni yanada faollashtirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga, balki mintaqaviy barqarorlik va rivojlanishga ham hissa qoʻshib kelyapti.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik koʻlami kengayib boryapti.
М.Ал-Жарба Oʻzbekistonda parlament institutining faoliyatiga yuqori baho berib, ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, parlamentlararo aloqalar nafaqat siyosiy muloqotni, balki iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni ham rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Muloqot chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar BMT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida izchil rivojlanib borayotganligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama aloqalarni, xususan, parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.