Oʻzbekiston va Saudiya hamkorligida Sirdaryoda quvvati 1500 MVt boʻlgan yangi IES qurishni boshladi

    Energetika 25 Yanvar 2021 1043

    Shirin shahrida 1500 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

    Marosimda Energetika va Investitsiya vazirliklari rasmiylari hamda Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan ishtirok etdi.

    Loyihaning umumiy qiymati 1,2 milliard dollar. Saudiyalik hamkorlar bilan investitsiya shartnomasi 2020-yil mart oyida imzolangan edi.

    Loyiha doirasida samaradorligi 60 foizdan yuqori H/J sinfidagi eng zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalari qoʻllaniladi.

    “Bu – boshqa elektr stansiyalari bilan taqqoslaganda, hozirgi vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun isteʼmol qilinayotgan tabiiy gaz miqdorini deyarli ikki barobar iqtisod qilish imkonini beradi”, deyiladi hokimlik xabarida

    Stansiya yiliga 10 milliard KVt soatdan ortiq elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, tabiiy gazning yillik tejash darajasi 2 milliard kubdan oshadi.

    Maʼlumot oʻrnida, “ACWA Power” kompaniyasi elektr energiyasi va chuchuk suv ishlab chiqarish boʻyicha uskunalarni ishlab chiqish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishga ixtisoslashgan. “ACWA Power” kompaniyasi 2004-yilda Ar-Riyod shahri (Saudiya Arabistoni)da roʻyxatga olingan va taʼsis etilgan boʻlib, undagi xodimlar soni qariyb 3 500 nafarni tashkil etadi. Xalqaro hamkorlik esa hozirgi kunda Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning 12 ta mamlakatini qamrab olgan. “ACWA Power” kompaniyasi portfeli investitsiya qiymati 61,2 milliard AQSH dollariga teng, sutkasiga kommunal xizmatlar va davlat-xususiy hamkorligi modellari autsorsingi asosidagi uzoq muddatli ofteyker shartnomalari doirasida davlat kommunal va sanoat korxonalari ehtiyojlarini qondirish uchun ulgurji yetkazib berilayotgan 38,7 GVt elektr energiyasi va 5,8 million m3 chuchuk suv ishlab chiqaradigan 60 ta aktivni oʻz ichiga oladi.