Oʻzbekiston va Sent-Lyusiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi

    Nyu-York shahrida Oʻzbekiston bilan Sent-Lyusiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida Qoʻshma kommyunike imzolandi.

    Bu haqda «Dunyo« AA xabar qilmoqda.

    Hujjatni ikki davlat hukumatlari nomidan Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Sent-Lyusiyaning BMTdagi doimiy vakili Menissa Rambali imzoladi.

    Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qoʻshma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Hujjatning imzolanishi Oʻzbekistonning Karib havzasi mamlakatlari bilan oʻzaro hamkorligini faollashtirishda muhim qadam boʻldi.

    Shu tariqa, Karib dengizining sharqiy qismida joylashgan Sent-Lyusiya orol davlati Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 163-davlat boʻldi.