Oʻzbekiston va Singapur sarmoyaviy hamkorlikni yanada oshiradi

    Xalqaro hamkorlik 25 May 2023 2098

    Joriy yil 24-mayda Toshkentda “Oʻzbekiston – Singapur” biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Uning asosiy maqsadi ishtirokchilarning mamlakatlar milliy iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklar va drayverlari haqida xabardorligini oshirish, shuningdek, ikki davlat hukumati va ishbilarmon doiralari oʻrtasida yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan iborat boʻldi.

    Biznes-forumda Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, “Meinhardt”, “PSA International”, “Wilmar International”, “Changi xalqaro aeroporti”, “EINZ Engineering & Construction”, “Lazada Group”, “MSI Global”, “Engarde Ventures”, “TMC” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

    Jamshid Xodjayev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17-yanvardagi Singapurga tarixiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarning yangi sahifasini ochib, hamkorlik rivojlanishiga katta turtki berganligi, hamda uning natijalari boʻyicha 3,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllanganligini qayd etdi.

    Singapur va Oʻzbekiston oʻrtasidagi tashqi savdo munosabatlarining hajmi 2023yil boshidan buyon uning oʻtgan yilning shu davriga nisbatan bir necha baravar oʻsganligi taʼkidlandi.

    Investitsiya sohasidagi munosabatlar va sanoat kooperatsiyasi yoʻnalishidagi hamkorlik kengaytirilyapti. Singapur kapitali ishtirokidagi qoʻshma korxonalar soni soʻnggi yetti yilda 3,5 barobar oshdi.

    Singapurning yirik kompaniyalari bilan “yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika sanoati, taʼlim, turizm, infratuzilmaviy rivojlanish va davlat kompaniyalari aktivlarini xususiylashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirilyapti va ishlab chiqilyapti.

    Oʻzbekistonda JSTga aʼzo boʻlish jarayoni faollashtirildi, Konstitutsiyaga erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson kapitalini mustahkamlash, tadbirkorlik erkinligini, investorlar huquqlarini, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

    Oʻz navbatida, Singapur Prezidenti Halima Yaqub sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasidagi sheriklik ustuvor ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Singapur Prezidenti oliy darajadagi oʻzaro tashriflar natijalarini yuqori baholab, muhim yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini bildirdi.

    Yuqori martabali mehmonlar ishbilarmon doiralar vakillariga murojaat qilar ekan, hukumat vakillari qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladilar hamda kompaniya va korporatsiyalar rahbarlarini hamkorlikni kengaytirishga, oʻzaro manfaatli yangi shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdi.

    Tadbir doirasida taʼlim, transport, shaharsozlik va moliyaviy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan panel munozaralari ham boʻlib oʻtdi.

    Biznes-forum yakunida Oʻzbekiston va Singapur ishbilarmon doiralarini qiziqtirgan qator yoʻnalishlar boʻyicha mustahkam investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.