2024-yilning 19-20-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining Singapurga tashrifi boʻlib oʻtdi, uning doirasida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 3-davrasi boʻlib oʻtdi hamda Sanoat va savdo vazirligi, Singapur Biznes federatsiyasi, “Indorama Corporation” va “Wilmar International” kompaniyalarida uchrashuvlar oʻtkazildi.
Tomonlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bobur Usmonov va Singapur Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Kevin Chok boshchilik qildi.
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston-Singapur hamkorligining holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 2023-yilning yanvar oyida Singapurga va may oyida Oʻzbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar ijrosini jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Singapur tomoni Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi va qonunchilik sohasini takomillashtirish, milliy iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash uchun mavjud salmoqli salohiyatni roʻyobga chiqarishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani tasdiqlandi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. Parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish umumiy kun tartibidagi barcha sohalardagi aloqalarni faollashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini jadallashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasida oʻzaro hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Savdo va sanoat vazirligi hamda Singapur Biznes federatsiyasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda ikki davlat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, jumladan, milliy mahsulotlar koʻrgazmalari, seminarlar va iqtisodiy salohiyat taqdimotlari tashkil etish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar koʻrishga kelishib olindi.