Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Sloveniya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaradorligi va ikki tomonlama sheriklikni faollashtirishning strategik ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan, bir kun avval imzolangan Oʻzbekiston va Sloveniya oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning muhimligi hamda ushbu hujjat ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib qolishi alohida taʼkidlandi.
Boshqa ijobiy omillar qatorida Oʻzbekiston tomonidan Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimi benefitsiar maqomidan faol foydalanilayotgani sababli 2022-yilda 40 foizga oshgan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻsishining ijobiy dinamikasi haqida fikr almashildi. Tomonlar ushbu maqomni uzaytirish doirasida chora-tadbirlar koʻrish va undan samarali foydalanish boʻyicha oʻzbek eksportyorlariga zarur yordam koʻrsatish orqali ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Doimiy ravishda qoʻshma biznes-forumlari va “Oʻzbekiston va Sloveniyada ishlab chiqarilgan” koʻrgazmalarini oʻtkazish orqali investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Shu nuqtayi nazardan, energetika, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va farmatsevtika sanoati, infratuzilma qurilishi va IT-texnologiyalari sohalari qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning eng ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi. Xususan, Sloveniya delegatsiyasi rahbari ikki davlat poytaxtlari oʻrtasida charter va muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni taklif etdi. Tomonlar ushbu yoʻnalishdagi keyingi amaliy qadamlarni muhokama qilish uchun aviatsiya idoralari oʻrtasida onlayn maslahatlashuvlar oʻtkazishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.