Uchrashuv mamlakatimizning Tailanddagi Bosh konsulxonasi tomonidan tashkil etilgan.

Videomuloqotda Oʻzbekiston Turizm va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov va “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti prorektori Raymond Jozef Xofman, NIDA prezidenti professor Kampol Panyagomet hamda universitet jamoasi ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston Turizm va sport vazirligi tomonidan respublikaning sayyohlik salohiyati, yangi sayyohlik yoʻnalishlari va imkoniyatlarini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda turizm sohasida malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha mavjud ehtiyojlar va oʻzaro hamkorlik istiqbollari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Oʻz navbatida, professor P.Kampol soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni alohida qayd etdi.

Muzokaralarda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti va NIDA oʻrtasida turizm sohasiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, talabalar va oʻqituvchi-professorlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, magistratura va doktorantura bosqichlaridagi talabalar uchun NIDA grantlarini ajratish, oʻzaro ikki tomonlama diplom berish boʻyicha qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarning huquqiy asosi sifatida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumini ishlab chiqish va imzolash kabi masalalarda oʻzaro kelishuvga erishildi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, NIDA 1966-yilda Tailand Qiroli Pxumipon Adulyadet farmoniga binoan tashkil etilgan. Tarkibiga davlat boshqaruvi, biznes boshqaruvi, statistika, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish, inson resurslari, huquq, turizm menejmenti va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ixtisoslashgan 12 ta maxsus oliy maktab va kollejlari kiradi.

Shu bilan birga, NIDA Oʻzbekiston bilan nafaqat sayyohlik yoʻnalishida, balki institut tasarrufidagi boshqa maxsus maktab va kollejlar bilan ham davlat boshqaruvi, biznes boshqaruvi, statistika, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish, inson resurslari kabi sohalarda hamkorlikni oʻrnatishdan manfaatdorligi bildirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.