Oʻzbekistonda xalq tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, maqsadlari va ahamiyati bilan bogʻliq masalalar muloqotlarning asosiy mavzusi boʻldi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Tailand oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Tailand parlamenti tarkibida parlamentlararo doʻstlik guruhini tuzish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tarkibida tashkil etilgan Tailand Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo doʻstlik guruhi haqidagi maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, uchrashuv chogʻida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi delegatsiyasining joriy yil 26-29-oktyabr kunlari Bangkok shahrida oʻtkaziladigan Osiyo-Tinch okeani parlament forumi (APPF) 30-sessiyasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi masalalari ham atroflicha muhokama etildi.
Chuan Likpay Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida tarixan qisqa vaqt oraligʻida Oʻzbekiston erishgan muvaffaqiyatlarga, xususan, parlamentning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi oʻrnini oshirish borasida erishgan muvaffaqiyatlariga yuqori baho berdi.
U konstitutsiyaviy islohotlar har doim oson boʻlmasligi, shu bilan birga, demokratiyaga erishish yoʻlida davr talablaridan kelib chiqqan holda oʻzgarishlar qabul qilinishi tabiiy jarayon va zarurat ekanligini taʼkidladi.
Ch.Likpay parlamentlararo hamkorlik guruhini tuzish masalasini ijobiy baholar ekan, Qirollikda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan parlament saylovlaridan soʻng Tailand parlamenti deputatlarining yangilangan tarkibi bilan parlamentlararo doʻstlik guruhini tuzishga shaxsan yordam berishini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida Tailand Milliy Assambleyasi Prezidenti Oʻzbekiston Oliy Majlis Senati raisi N.Norboyeva va Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilovga oʻzining qizgʻin salomlarini yoʻlladi.
Shuningdek, Oliy Majlis delegatsiyasining Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari darajasida Tailand mezbonlik qilayotgan Osiyo-Tinch okeani parlamentlar forumi (APPF) 30-sessiyasidagi ishtiroki parlamentlararo hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqishiga umid bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.