Tomonlar COVID-19 pandemiyasining turizm sohasiga taʼsirini yumshatish boʻyicha tajriba almashib, xalqaro turistik safarlarni davom ettirish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlar rejalarini muhokama qildilar. Jumladan, Turizmda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” yangi sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi, Tailand bozori uchun yangi sayyohlik obyektlari va istiqbolli yoʻnalishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
TATning MDH davlatlari boʻyicha direktori Anoma Vongyay Tailand tomonidan oʻzaro sayyohlik safarlarini davom ettirishga boʻlgan qiziqishi yuqoriligini taʼkidlab, Oʻzbekiston va Tailand oʻrtasida muntazam reyslarni amalga oshirish zarurligini qayd etdi.
Tailand turizm departamentiga Oʻzbekiston hukumati tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlar va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari (“Ochiq osmon” rejimi, turistlar soni uchun subsidiyalar, tarif imtiyozlari va boshqalar)ni hisobga olgan holda Tailand aviakompaniyalarini jalb etish taklif qilindi. Bundan tashqari, turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasi ilgari surilib, Qoʻmita qoshidagi oʻrta-maxsus oʻquv dargohlaridan birining negizida Tailanddagi yetakchi universitetlar ishtirokida qoʻshma turizm kollejini tashkil qilishni taklif etildi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.