Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 16 Iyun 2021 1131

    16-iyunda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixanov bilan Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi O.Malginov ishtirokida uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Muloqot chogʻida tomonlar koʻp qirrali Oʻzbekiston – Rossiya hamkorligining yuqori darajasi va uni kengaytirish ijobiy dinamikasini qayd etdilar. Shu bilan birga, hududlararo darajadagi hamkorlikni faollashtirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ayni paytda Tatariston va Oʻzbekiston hududlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash uchun ulkan salohiyat mavjudligi alohida taʼkidlandi.

    Joriy yil boshidan buyon Tatariston va Oʻzbekiston hududlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 60 foizga oshgani ikki mamlakat tadbirkorlarining bozorbop mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat berishi taʼkidlandi. Oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar, jumladan, Tatariston vazirlik va idoralari bilan Oʻzbekistonning tegishli hududiy idoralarning munosabatlarini mustahkamlash, ishbilarmon doiralari missiyalari va tarmoq koʻrgazmalarini oʻzaro asosda tashkil etish, Tatariston savdo tarmoqlari bilan munosabatlarni oʻrnatish hamda ulgurji savdo va tarqatish markazlarini yaratish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

    Shuningdek, tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Elektrotexnika, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, charm-poyabzal sanoati, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshma ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

    Shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida toʻxtaldi. Shu oʻrinda tomonlar erishilgan kelishuvlar va kelishilgan loyihalarda oʻz aksini topayotgan Tataristonning Toshkent viloyati bilan faol hamkorligini olqishladilar.

    Xususan, muloqotda Toshkent viloyatida “Ximgrad” sanoat parki tashkil etilishiga toʻxtalib oʻtildi. Tomonlar ushbu tashabbusning amaliy jihatlarini koʻrib chiqib, park hududida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga Tatariston va Toshkent viloyatining yetakchi ishlab chiqarish kompaniyalari orasidan boʻlajak rezidentlarni jalb etishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hududlararo munosabatlarni kengaytirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.