Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar

    Hukumat 30 Avgust 2021 3698

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbari va birodar Oʻzbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdi.

    Prezidentlar joriy yil 10-11-iyun kunlari Tojikistonga oliy darajali tashri yakunlari boʻyicha qabul qilingan kelishuv va bitimlarning amalga oshirilishini koʻrib chiqdilar.

    Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik doirasidagi qoʻshma kooperatsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish muhim ekani taʼkidlandi.

    Prezidentlar Afgʻonistonda harbiy-siyosiy keskinlik kuchayishi bilan bogʻliq mintaqaviy masalalarga alohida toʻxtaldilar. Oʻzaro muvofiqlashuvni kuchaytirish va yaqin idoralararo aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

    Bundan tashqari, yetakchilar joriy yilning sentyabr oyida Dushanbe shahrida oʻtkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga tayyorgarlik koʻrish masalalarini muhokama qildilar.