Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga tashrifiga tayyorgarlik koʻrish va tegishli tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv chogʻida Tojikiston tomoni kutilayotgan oliy darajadagi tashrif koʻp qirrali Oʻzbekiston — Tojikiston hamkorligini rivojlantirish uchun kuchli ragʻbat boʻlib xizmat qilishi va ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidladi.

Oxirgi bir necha oy davomida ikki mamlakat vazirlik va idoralarining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va mintaqalararo hamkorligini mustahkamlash, Oʻzbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralarining bir-biriga yaqinlashtirish borasida birgalikda olib borilgan qizgʻin ishlarning yakunlari koʻrib chiqildi.

Muhokama jarayonida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishda qoʻllanilgan tizimli yondashuv qisqa vaqt ichida aniq natijalarga erishish va ikki tomonlama hamkorlik koʻlamini sezilarli darajada kengaytirish imkonini bergani taʼkidlandi. Joriy yilning 9-iyun kuni Xatlon viloyatining Boxtar shahrida boʻlib oʻtadigan birinchi Oʻzbekiston – Tojikiston mintaqalararo forumi davomida imzolanishi rejalashtirilgan yirik investitsiya loyihalarini va savdo bitimlarini hayotga joriy etish borasida erishilgan qator kelishuvlar buning isbotidir.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qildilar, shuningdek, mavjud tarif va notarif tartibga solish choralarini izchil bartaraf etish hamda Oʻzbekiston va Tojikiston mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga chiqishini soddalashtirish orqali oʻzaro savdoni rivojlantirish shart-sharoitlarini yaxshilash boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Mazkur chora-tadbirlar yaqin kelajakda oʻzbek-tojik savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasini bajarish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

Tomonlar yaqin hukumatlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, erishilgan yutuqlarning monitoringini olib borish hamda munosabatlarning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilish uchun muntazam uchrashuvlar oʻtkazish orqali hamkorlikni yana-da rivojlantirishda erishilgan surʼatlarni saqlab qolish niyatini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.