Ushbu kompaniyadagi tojik tomonining ulushi 50 foiz + 1 aksiya, oʻzbek tomoni esa 50 foiz — 1 ta aksiyani tashkil etadi.

Loyiha ikki mamlakat tomonidan kelishilgan va yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda.

Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari nomidan Jamiyat asoschisi vazifasini bajaruvchi tashkilotni belgilaydilar.

Ijtimoiy va atrof-muhitga taʼsirini texnik-iqtisodiy asoslash va baholash hamda monitoring oʻtkazish uchun mustaqil xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirishda Xalqaro moliya institutlari yoki davlat tashkilotlarining mablagʻlarini jalb qilishga ruxsat beriladi.

Qurilayotgan stansiyalarda ishlab chiqariladigan barcha elektr energiyasini Oʻzbekiston tomoni sotib olishi kutilmoqda.

Birinchi bosqichda yiliga 800 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan “Yovon” GESi quriladi. 140 Megavatt quvvatga ega ushbu stansiyaning dastlabki qiymati 282 million dollarga baholanmoqda.

Ikkinchi bosqichda yiliga oʻrtacha 600 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan “Fondaryo” GESini qurish imkoniyati oʻrganiladi. 135 Megavatt quvvatga ega ushbu stansiyani qurish uchun 270 million dollar ajratish kerak boʻladi.

Tojikiston hukumati respublika hududida boshqa davlatlarning hukumatlari bilan birgalikda gidroelektrstansiyalarini qurish boʻyicha tajribaga ega. Xususan, Rossiya ishtirokida “Sangtuda GES-1” va Eron ishtirokida esa “Sangtuda-2” GESlari qurilgan va ishlamoqda.

Maʼlumot uchun, GESlarni qurilishi 2018-yili eʼlon qilingandi. 2021-yilning mart oyida GESlarni qurish muhokamasi boʻlayotgani xabar qilindi.