Oʻzbekiston va Tojikiston TIV rahbarlari uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 24 Yanvar 2023 1019

    Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi arafasida 2023-yil 23-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

    Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni toʻliq amalga oshirish uchun yaqin hamkorlik qilishga tayyorligi tasdiqlandi.

    Oliy va yuqori darajadagi rejalashtirilgan tadbirlar jadvali va ularning turli jihatlari koʻrib chiqildi.

    Savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, transport sohasidagi hamkorlik va hududlararo aloqalarni rivojlantirish boʻyicha takliflar muhokama etildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy siyosatning ayrim masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    Oʻzbekistonning IHTdagi raisligi tuzilma faoliyatiga yangi surʼat bagʻishlab, Tashkilot makonida oʻzaro manfaatli sheriklikni barcha yoʻnalishlarda jadallashtirishga xizmat qilgani qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.