Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi

    2022-yilning 13-aprel kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Turkiyaning ANKASAM – Anqara inqiroz va siyosatni oʻrganish markazi hamkorligida “Turkiya Respublikasi Prezidentining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi yakunlari: koʻp qirrali munosabatlarning yangi bosqichi” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Xalqaro munosabatlar boʻyicha axborot-tahliliy markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti vakillari hamda Turkiyaning yetakchi “aql markazlari” – Anqara inqirozlar va siyosat tadqiqotlari markazi ANKASAM, “Marmara grupp” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi, “Sohibqiron” nomidagi Strategik tadqiqotlar markazi va boshqa tadqiqot markazlari ekspertlari ishtirok etdilar.

    Ishtirokchilar tadbir davomida beshta sessiyaga boʻlingan holda joriy yil 29-30-mart kunlari boʻlib oʻtgan davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari hamda Oʻzbekiston-Turkiya oʻrtasidagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishi yakunida erishilgan asosiy yutuq va natijalar, shuningdek, siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

    Davra suhbati avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov soʻz olib, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi strategik sheriklik sezilarli darajada faollashganini qayd etib oʻtdi.

    Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega. Mamlakatlarimiz va xalqlarimizni til, tarix, madaniyat va anʼanalar mushtarakligiga asoslangan yaqin doʻstlik va qardoshlik rishtalari bogʻlab turadi. Turkiya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan davlatlardan biri sifatida mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti yilnomasida alohida oʻringa ega davlat sanaladi. Bu yil ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil va strategik sheriklik munosabatlarining asos solinganiga 5 yil toʻldi.

    Samarali hamkorlik rivojiga asosiy turtki berayotgan muhim omil sifatida ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlarning oʻrni katta, albatta.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taklifiga binoan joriy yilning 29-30-mart kunlari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi. Ikki kunlik tashrif doirasida Davlat rahbarlari tor doiradagi uchrashuvlar orqali Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, doʻstlik va ishonchga asoslangan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashgan boʻlsa, oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishi doirasida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 10 ta hujjat imzolandi.

    2021-yilda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmining jadal oʻsishi natijasida Turkiya Oʻzbekistonning toʻrtinchi tashqi savdo hamkoriga aylandi. 2021-yil yakuniga kelib, Oʻzbekiston va Turkiyaning umumiy tashqi savdo koʻrsatkichi 2016-yilga nisbatan 3 barobar oʻsib, 3 mlrd. 388 mln. dollarga yetdi. Tomonlar bu koʻrsatkichni bir yil ichida 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan boʻlsa, yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, tadbirda ishtirokchilar tomonidan ikki mamlakat oʻrtasidagi eksport va import hajmi deyarli teng ekanligi, Turkiya 2021-yilda mamlakatimizga 1 mlrd. 698 mln. dollarlik mahsulot yetkazib bergan boʻlsa, Oʻzbekiston tomonidan 1 mlrd. 690 mln. dollarlik mahsulot Turkiyaga eksport qilingani alohida taʼkidlashdi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekistonga kiritilayotgan turk sarmoyasi hajmi 70 barobarga oshgan. 2021-yil yakuniga koʻra, Turkiya Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan yetakchi davlatlar uchligiga kirdi va birgina 2021-yilda jami 1,18 mlrd. dollar sarmoya kiritdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga asosan, 2022-yil 1-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 1961 nafar turk kompaniyasi faoliyat koʻrsatmoqda. Bu koʻrsatkich Rossiya (2390 ta kompaniya) va Xitoydan (1967 ta kompaniya) keyin uchinchi oʻrinda turadi.

    Doʻstona va samarali muloqotga asoslangan davra suhbati yakunida tomonlar ikki davlat rahbarlari oʻrtasida erishilgan Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim, Davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining oʻtishi haqida oldindan axborot almashish toʻgʻrisidagi bayonnoma, Mehnat va bandlik, Sud ekspertizasi, Qurilish kabi sohalarda erishilgan anglashuv memorandumlari doirasidagi hamkorlik aloqalarini ikki mamlakat yetakchi “aql markazlari”, xalqaro institutlar doirasida ham faol davom ettirishga kelishib oldilar.

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi

    Axborot xizmati