Anqara shahridagi tantanali marosimda Turkiya Respublikasining Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan nutq soʻzladi. U Hisob sudini huquqiy davlatning asosiy ustunlaridan biri deb taʼriflar ekan, ushbu muassasa Turkiya davlat boshqaruvi tizimida muhim oʻrin tutganini taʼkidladi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston va Turkiyaning oliy moliyaviy nazorat organlari oʻrtasida uchrashuv va muzokaralar boʻlib oʻtdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi davlatlararo munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini hisobga olib, tomonlar hamkorlik formatini ham kengaytirish vaqti kelganini qayd etdi.
Uchrashuvlar doirasida, shuningdek, Hisob palatasi rahbariyati Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Portugaliya kabi mamlakatlar oliy moliyaviy nazorat idoralari vakillari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Har bir mamlakat bilan uning davlat auditi sohasidagi milliy tajribasi va xalqaro tashkilotlardagi ishtirokidan kelib chiqqan holda, istiqbolli hamkorlik qilish masalalari muhokama qilinib, yangi vazifalar belgilab olindi.
Tomonlar mustaqil tashqi audit va davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish uslubiyati va tartibi sohasida tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish sohasida hamkorlik qilish va qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, oʻzaro manfaatli mavzularda konferensiya va oʻquv seminarlar oʻtkazish boʻyicha kelishuvlarga erishdi.
Anqaradagi uchrashuvlar samimiy va doʻstona ruhda boʻlib oʻtdi.