Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida investitsiyalarni himoya qilish toʻgʻrisidagi bitim kuchga kirdi

    Xalqaro hamkorlik 13 Iyul 2020 1151

    Ikki mamlakat investorlari tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan eng koʻp qulaylik yaratish tartibi qoʻllaniladi.

    Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim 2020-yil 9-iyuldan eʼtiboran kuchga kirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

    Hujjat 2017-yil 25-oktyabrda, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi davomida imzolangan. Ushbu hujjat qoidalariga muvofiq, ikki mamlakat investorlari tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan eng koʻp qulaylik yaratish tartibi qoʻllaniladi.

    “Bitim investorlar huquqlarini himoyalash, sarmoya va texnologiyalarning kirib kelishini qulaylashtirish, pul oʻtkazmalarining erkin bajarilishi huquqiy asoslarini belgilagan”, - deyilgan xabarda.

    Hujjat 1992-yil 28-aprelda imzolangan avvalgi hukumatlararo bitimni almashtiradi hamda zamonaviy voqelikni inobatga olgan holda investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish tartibini takomillashtirishga qaratilgan.

    Taʼkidlanishicha, bitim ikki davlat iqtisodiyotiga oʻzaro investitsiyalar oqimi uchun mustahkam asos yaratadi, shuningdek, salohiyatli xorijiy investorlar uchun har ikki mamlakatning investitsion jozibadorligini oshiradi.